Ozarbayjon Rossiyaga orqa o‘girishni boshladimi?

Surat manbasi, TASS
Prezident Ilhom Aliev Ukrainaga $1 million dollar yordam bermoqchi. Yangilik Ozarbayjon yo‘lovchi samolyotining halokati bilan bog‘liq dastlabki tekshiruv xulosalari e’lon qilingan bir manzarada olindi. Ozarbayjon prezidenti Rossiya bu hodisada "aybini tan olishi" va "tovon puli to‘lashi" kerakligini aytgan. Orada Putinni uzr ham so‘rattirgan. Rossiyaga bu qarshi keskin talablarning o‘zi ham postsovet hududida bu yaqin yillarda kuzatilmagan.
Aloqador mavzular:
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Gumanitar yordam

Surat manbasi, EPA
So‘nggi yangilik haqida Ozarbayjon prezidentining matbuot xizmati rasman xabar bergan.
Xabarda aytilishicha, Ilhom Aliev Ukrainaga bir million dollarlik gumanitar yordam jo‘natish haqidagi buyruqni imzolagan.
Ma’lum bo‘lishicha, bu pul prezident zaxira fondidan ajratiladi va unga Ukrainaga yuborish uchun elektr jihozlari sotib olinadi.
Ozarbayjon prezidenti Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqiniga o‘zining rasmiy munosabatini oshkora bildirgan postsovet davlati liderlaridan biri bo‘ladi.
Ilhom Aliev bu urushni "har ikki xalq uchun ham katta fojea", deb atagan.
U Ukrainaning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashlarini ham bayon qilgan.
Ozarbayjon prezidenti o‘shanda, "buni oshkora bayon qilishlari, daraxt panasiga yashirinmaslik"larini ta’kidlagan.
Biz boshqa davlatlar singari Ukrainaning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlaymiz va buni ochiq e’lon qilamiz, daraxt orqasiga yashirinmaymiz.
Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil oxirigacha Ozarbayjon Ukrainaga $40 million dollarga yaqin yordam ko‘rsatgan.
Bu narsa Ozarbayjon prezidenti matbuot xizmatining Ukrainaga navbatdagi ko‘mak bilan bog‘liq so‘nggi rasmiy xabarida ham alohida qayd etilgan.
Xabarda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar do‘stlik, sheriklik va tegishli ikki tomonlama hujjatlar asosida rivojlanib borayotganligi aytilgan.
Bu hujjatlar sirasida esa, Ozarbayjon va Ukraina o‘rtasidagi "Do‘stlik, hamkorlik va sheriklik to‘g‘risida"gi shartnoma, "Do‘stlik va sheriklik to‘g‘risida"gi deklaratsiya va ikki davlat prezidentlarining qo‘shma deklaratsiyalari tilga olingan.
Shu bilan birga, Boku Kievga qurol-yarog‘ yetkazib berishdan bosh tortgan.
Samolyot halokati va Rossiya

Surat manbasi, Reuters
Ozarbayjonning yo‘lovchi samolyoti 25 dekabr kuni halokatga uchragan.
Mazkur halokat natijasida samolyot bortidi bo‘lganlarning yarmidan ko‘prog‘i – qirqqa yaqin kishi qurbon bo‘lgan.
Ozarbayjon prezidenti samolyot halokati yuzasidan ketma-ket keskin bayonotlar bergan, hodisada Rossiya tomonini ayblagan.
Ilhom Alievga ko‘ra, ular yerdan otib, samolyotga ziyon yetkazishgan va radio elektron hujum orqali uni nazorat qilib bo‘lmaydigan holga keltirishgan.
Qozog‘iston hukumat komissiyasi mazkur halokat sabablari bo‘yicha o‘zining dastlabki xulosalarini e’lon qilgan.
Aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari Ukrainadagi vaziyat yuzasidan o‘zlarining neytral
Hisobot Ozarbayjon yo‘lovchi samolyotining ikki bor tashqi ta’sirga uchraganligini tasdiqlagan.
Samolyotdagi barcha tekshiklar teshib o‘tib ketmaganligi sababli, komissiya mutaxassislari samolyotda "ko‘plab begona ob’ektlarni" ham topishgan.
Hujjatda kichik, ehtimol metall ob’ektlarning suratlari keltirilgan.
Ammo ular zenit raketasining bo‘laklari bo‘lishi mumkinligi haqida hech qaerda aytilmagan.
Ozarbayjon hukumatining yuqori martabali rasmiysi esa, Reuters axborot agentligiga hisobotda tilga olingan tashqi ta’sir shunday raketa zarbasi tufayli yuzaga kelganini aytgan.
U, "Ozarbayjon tomoni samolyotdan olingan va xalqaro ekspertiza davomida aniqlangan "Pantsir-S" raketasining parchasiga ega"ligini ham bildirgan.
Bu Boku hukumatidagi manbaning samolyot Rossiya raketasi bilan shikastlanganiga dalillari borligi haqida aytgan birinchi holatdir.
Rossiya prezidenti esa, Ozarbayjon yo‘lovchi samolyoti halokatidan to‘rt kun o‘tib, prezident Ilhom Alievdan uzr so‘ragan, ammo javobgarlikni o‘z zimmalariga olmagan.
Ozarbayjon prezidenti rasmiy Moskvani mazkur aviahalokatga aloqadorligini dastlab "bosti-bosti" qilishda ayblagan.
Ilhom Aliev Putinning uzrini qabul qilarkan, Rossiya "aybini tan olishi" va " tovon puli to‘lashi kerak"ligini ham ta’kidlagan.
Rossiyaga bu qarshi keskin talablarning o‘zi ham postsovet hududida bu yaqin yillarda kuzatilmagani bilan chetdagi ko‘pchilikning e’tiborini o‘ziga tortmay qolmagandi.
Ukraina urushi va Markaziy Osiyo

Surat manbasi, rasmiy
Ukrainadagi vaziyat yuzasidan aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari rasman o‘zlarining "neytral" mavqe’da ekanliklarini ta’kidlab kelishadi.
Urush bilan kechayotgan so‘nggi uch yil ichida O‘zbekiston ham Ukrainaga bir necha bor gumanitar yordam yuborgan.
Ularning bir nechadan, bir necha o‘n tonnagacha ekani aytilgan, umumiy qiymati minglab dollarga baholangan.
Bu ko‘maklarning asosan dori-darmon, kiyim-kechak va uzoq muddatga saqlanadigan oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat ekani ko‘rilgan.
O‘zbekistonning gumanitar yordamlari haqida asosan Ukraina tomoni rasman xabar bergan.
Bu yordamlardan ayrimlarining Ukrainaga nodavlat notijorat tashkilotlari va O‘zbekiston biznes tuzilmalari tomonidan yuborilgani ham ta’kidlangan.
Orada o‘sha paytda AQSh Davlat kotibi bo‘lgan Entoni Blinkenning Ukraina va Afg‘onistonga ko‘rsatayotgan gumanitar yordamlari uchun Toshkentga minnatdorchilik bildirgani ham xabar qilingan.
Rasmiy Toshkent ham Rossiya ochgan urushdan qisqa vaqt o‘tmay, 2022 yilning martida O‘zbekiston Ukraina suverenitetini hurmat qilishi, DXR va LXRlarni tan olmasliklarini rasman bayon qilgan.
Ayni shu bayonotidan qisqa vaqt o‘tmay, o‘sha paytda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri lavozimida bo‘lgan Abdulaziz Komilovning salomatligi yomonlashgani va davolanish uchun xorijga ketgani xabar qilingan.
Buning ortidan esa, u O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Xavfsizlik Kengashi kotibining tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, hamda yana Shavkat Mirziyoyevning tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili lavozimiga ham tayin etilgan.
Azaliy va tarixiy qo‘shnilari bilan aloqalari silliq bo‘lmagan Ilhom Aliev esa, so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari prezidentlari davrasida faol ko‘rinish bera boshlagan.
Kuni-kecha Turkiya, Ozarbayjon va O‘zbekiston vazirlarining uchrashuvlari yakunlari bo‘yicha qo‘shma Anqara deklaratsiyasi ham imzolangan.
Bu deklaratsiya mamlakatlar bir-birining suvereniteti, hududiy yaxlitligi va chegaralari daxlsizligini qat’iy qo‘llab-quvvatlashini tasdiqlashi ta’kidlangan.
Rossiyaga qarshi urushida Ukrainaning eng yirik donori bo‘lgan Amerika Qo‘shma Shtatlarida Respublikachi prezident Donald Trampning qudratga kelishi esa, postsovet makonida yangi xavotirlarni paydo qilgan.
Tramp tomonidan mazkur urush taqdirining Rossiya shartlari asosida hal qilinishi ehtimoli ushbu hududda yana Kremlning mavqeini kuchaytirishiga oid qo‘rquvlar bor.
NATOga a’zo yagona musulmon davlati bo‘lgan Turkiya va O‘zbekiston dunyoning eng yirik turkiy tilli davlatlari ham bo‘lishadi.
5 fevral
Ozarbayjon: "bizda "Pantsir" raketasi parchalari bor"
Pavel Aksyonov
Bi-bi-si Rus xizmati

Surat manbasi, Reuters
Qozog‘iston hukumat komissiyasi 2024 yil 25 dekabrida Oqtou shahri aeroport yaqinida qulagan Ozarbayjon Havo Yo‘llari samolyotining halokati sabablari bo‘yicha dastlabki hisobotini e’lon qildi.
Ozarbayjon rasmiylariga ko‘ra, uchoq Ozarbayjon poytaxti Bokudan Rossiya Chechenistoni poytaxti Grozniyga parvoz qilgan, biroq qo‘nish vaqtida "tashqi ta’sir" natijasida boshqaruvni yo‘qotgan. Shundan keyin samolyot Qozog‘istonga yo‘l olgan, ammo qo‘nish vaqtida yerga qulab tushib halokatga uchradi.
Oqibatda uchoq bortidagi 62 yo‘lovchi va besh ekipaj a’zosidan 29 kishi tirik qoldi, omon qolganlar samolyotning quyi qismida o‘tirgan yo‘lovchilar edi.
Mutaxassislar tomonidan muhokama qilinayotgan eng mashhur versiyalardan biri - samolyotning sun’iy yo‘ldosh navigatsiya tizimlari Grozniyda qo‘nish vaqtida ishdan chiqqan, natijada u bir necha marta yerga qo‘nishga harakat qilgan bo‘lgan, keyin esa havo hujumiga qarshi raketa zarbasi tufayli shikastlangan.
Ko‘plab sharhlovchilar fikricha, samolyot Rossiyaning havo hujumiga qarshi raketa tizimi tomonidan otilgan, chunki o‘sha kunlari Checheniston Ukrainaning dronlari hujumlariga duch kelib turgan kunlar bo‘lgan.
GPS ishdan chiqishi o‘sha vaqtda ishga tushirilgan radioelektron kurash tizimlari faoliyati bilan izohlanadi, bu tizimlar ham dronlar hujumlari tufayli ishga tushirilgan.
E’lon qilingan hujjat faqat faktlarni o‘z ichiga oladi - unda halokat borasida mutaxassislarning xulosalari va tahlilini o‘z ichiga olmaydi.
Avia halokatni tekshirish bo‘yicha Qozog‘iston komissiyasi e’lon qilgan matnda uchuvchilarning dispecherlar bilan suhbatlarining yozuvi keltirilgan, lekin u to‘liq e’lon qilinmagan, suhbatlar to‘liq emasligi hisobotda qayd etilgan. Shuning uchun ba’zi holatlar, masalan, ekipaj nega Oqtou shahriga qarab uchishga qaror qilgani sabablari noma’lum qoladi.
Biroq, hisobot GPS tizimi ishlamaganligini va samolyot ikki marta tashqi ta’sirga uchraganligini tasdiqlaydi. Shuningdek, samolyotning fyuzelyaji, shu jumladan gidravlika tizimlari ham ba’zi bir elementlar urilgani oqibatida jiddiy shikastlangani, bu esa boshqaruv tizimlarining ishdan chiqishiga olib kelganligi tasdiqlangan.
Samolyot ekipaji a’zolarining dispecherlar bilan suhbatlaridan ma’lum bo‘ladiki, Ozarbayjon samolyoti shu yaqin-atrofdagi Rossiya aeroportlariga qo‘nishiga mone’lik qilinmagan - bu versiya ham halokatdan keyin yangragan. Hozircha hisobotdan uchuvchilar nega Oqtou aeroportini qo‘nish uchun tanlagani noma’lum qoladi.
Dastlabki tergovni Qozog‘iston Bosh transport prokuraturasi olib borayapti. Lekin uchoq tegishli bo‘lgan Ozarbayjon, samolyot uchib borgan Rossiya va samolyot ishlab chiqarilgan Braziliya tergovda ishtirok etish uchun vakolatli vakillarini tayinlagan.
GPS signallari bilan bog‘liq muammo

Surat manbasi, EPA
Dastlabki hisobotga ko‘ra, Grozniyga parvoz muammosiz o‘tgan, ammo muammolar aeroport hududida boshlangan. Qo‘nish vaqtiga kelib, u yerda uchta NOTAM kuchga kirgan, bu navigatsiyadagi muammolarni ko‘rsatadi.
NOTAM - notice to airmen - havo tizimi xodimlari uchun har xil kanallar orqali, xususan, barcha aeroportlar va yirik aviakompaniyalarda mavjud bo‘lgan Belgilangan Aeronavtika Telekommunikatsiya Tarmog‘i (Aeronautical Fixed Telecommunications Network) orqali yuboriladigan e’lonlar yoki xabarlardir.
Uch NOTAM ham parvozdan oldin chiqarilgan.
Birinchisida "aeroport maydoni hududida sun’iy yo‘ldosh navigatsiya tizimlari ishlashida uzilishlar bo‘lishi mumkin", ikkinchisida, 08-uchish-qo‘nish yo‘lagida (samolyot qo‘nishga urinmagan) samolyotlarning "asboblar yordamida" qo‘nishga yaqinlashishiga yordam beradigan mahalliy boshqaruv va tuzatish stantsiyasi ishlamayotganligi va uchinchisida - 26-uchish-qo‘nish yo‘lagida, Ozarbayjon samolyoti qo‘nishga uringan joyda, qo‘nishda yordam beradigan asboblar yordamida qo‘nish tizimi (ILS) ishdan chiqqanligi xabar qilingan.

Surat manbasi, .
"Ikki o‘rindiq portlab ketdi"

Surat manbasi, AFP
Ekipaj bilan dispecher o‘rtasidagi suhbatlarga ko‘ra, UTC vaqti bo‘yicha soat 05:11 da (mahalliy vaqt bilan soat 08:11 da) samolyot Bokuga qaytishni boshlagan. Hisobotda uchuvchilarning nega bu qarorga kelgani tafsiloti keltirilmagan.
"Ozarbayjon 8243, Bokuga yo‘nalmoqda", deb e’lon qilgan ekipaj, shundan keyin dispecher balandlikka ko‘tarilishga buyruq bergan.
Kabina ovoz yozuvchisi soat 05:13:31 da "tovush shovqini, avtopilot va avtogaz beruvchini o‘chirish haqidagi eshitilib turgan signal"ni qayd etgan. Bu avtopilot o‘chirilgandan keyingi birinchi tashqi ta’sir bo‘lgan.
Hisobotda aytilishicha, o‘sha vaqtda samolyotning barcha tizimlari, jumladan, uchta gidravlika tizimi konturi normal holatda ishlab turgan.
Bu tizim samolyot bo‘ylab joylashgan suyuqlik to‘ldirilgan trubalar to‘plamidir.
Samolyotni boshqarish gidravlika tizimi bir tomondan bu trubalarga, ikkinchi tomondan esa turli boshqaruv tizimlarining gidravlik silindrlariga - rul va elevatorlarga, shassini qaytarish mexanizmiga va boshqalarga ulangan.
Maxsus nasos gidravlika tizimida bosim yaratadi va uchuvchi richag bilan trubalardan biriga ta’sir qilganda, gidravlika tizimi bosimning ortishini boshqa tomondagi mexanik harakatga, masalan, quyruq qismidagi elevatorni bukishga aylantiradi.
Agar truba, nasos yoki gidravlika tizimining boshqa elementi shikastlansa, suyuqlik oqib chiqadi, bosim pasayib, tizim ishlamay qoladi. Gidravlika tizimi samolyotdagi eng muhim tizimlardan biridir. Bu Embraer samolyotida ishonchlilikni mustahkamlash maqsadida uch marta takrorlangan.
Hisobotga ko‘ra, birinchi ta’sirdan keyin gidravlika tizimining uch konturida ham bosim ketma-ket pasaygan.
Samolyot deyarli boshqaruvni yo‘qotgan - ekipaj burilish imkoniyatiga ega bo‘lgan, bir dvigatelning quvvatini kamaytirib, ikkinchisining quvvatini oshirgan va balandlikni saqlab qolish yanada qiyinlashgan.
Birinchi ta’sirdan 25 soniya o‘tgach, samolyotda ikkinchi ta’sir eshitilgan. Kabina ovoz yozuvchisi bort xizmatchisining aytgan gaplarini qayd etgan: "Ikki o‘rindiq portladi, men... hm, men o‘ta olmayapman, chunki yo‘lovchilar tikka turishgan, men ularni qayta o‘tqizib qo‘yapman".
Ekipaj va dispecher o‘rtasidagi muloqotda uchuvchilardan birining dispecherlar bilan muloqotda aytgan gaplari qayd etilgan: "kabinaga qush zarbasi" va "o‘ylaymanki, kislorod balloni portladi". Biroq hech bir variant tasdiqlanmagan va hisobotda tilga olinmagan. Shunga qaramay, bu gaplar xabarlarda halokat sabablaridan biri sifatida keltirildi, Rossiya ommaviy axborot vositalari ana sabablarni muhokama qildilar.
Teshiklar va shikastlovchi unsurlar

Surat manbasi, Qozog'iston Bosh Transport prokuraturasi
Ijtimoiy tarmoqlardagi ko‘plab sharhlovchilar samolyotning fotosuratlari internetga chiqishi bilan, halokatga uchragan samolyotning fyuzelyajida ko‘rinib turgan ko‘plab kichik teshiklar haqida gapira boshladilar, bular zenit raketa tizimining shikastlovchi parchalari izlari bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminlar bildirildi.
Video va fotosuratlarda ba’zi teshiklar uchoq fyuzelyajini teshib o‘tib ketgani ko‘rinib turardi - ular samolyot quyruq qismi tayanchlarini teshib ketgan bo‘lishi mumkin edi.
Komissiya bu kuzatuvlarni tasdiqladi, lekin ularning mohiyatini aniqlashtirmadi: "Saqlanib qolgan bo‘laklarning dastlabki tekshiruvi fyuzelyajning quyruq qismida, vertikal stabilizator va stabilizatorda, elevator va rulda turli o‘lcham va shakllardagi ko‘plab teshib o‘tgan va teshib o‘tmagan shikastlanishni aniqladi. Shunga o‘xshash shikastlanish samolyotning chap dvigateli va chap qanotida, shuningdek, samolyotning birliklari va komponentlarida ham topilgan. Ba’zi joylarda shikastlanish muntazam to‘rtburchak shaklga ega".

Surat manbasi, Getty Images
Barcha teshiklar teshib o‘tib ketmaganligi sababli, komissiya mutaxassislari samolyotda "ko‘plab begona ob’ektlarni" topdilar. Hujjatda kichik, ehtimol metall ob’ektlarning suratlari keltirilgan.
Hisobotda bular zenit raketasining bo‘laklari bo‘lishi mumkinligi haqida hech qaerda aytilmagan, lekin Ozarbayjon hukumatining yuqori martabali rasmiysi Reuters axborot agentligiga hisobotda tilga olingan tashqi ta’sir shunday raketa zarbasi tufayli yuzaga kelganini aytgan.
"Ozarbayjon tomoni samolyotdan olingan va xalqaro ekspertiza davomida aniqlangan "Pantsir-S" raketasining parchasiga ega", dedi u.
Bu Boku hukumatidagi manbaning samolyot Rossiya raketasi bilan shikastlanganiga dalillari borligi haqida aytgan birinchi holatdir.
Nega uchoq Qozog‘istonga qarab parvoz qildi?

Surat manbasi, Getty Images
Samolyotni nega Qozog‘istonga yo‘naltirishga qaror qilingani sabablari noma’lum. Qozog‘istonning Oqtou aeroporti Rossiya aeroportlaridan uzoqroq bo‘lsa-da, Boku aeroportidan yaqinroq.
Ekipaj butunjahon UTC vaqti bilan soat 05:39 da (mahalliy vaqt bilan soat 8:39 da), ya’ni birinchi zarbadan taxminan 26 daqiqa o‘tgach, samolyot Oqtouga yo‘l olganini xabar qilgan.
Bundan oldin, ekipaj Maxachqala, Mineralnie Vodi va Bokudagi ob-havo ma’lumotini bir necha marta so‘ragan va bir yoki boshqa aeroportga yo‘nalish bo‘yicha qarorlar qabul qilgan.
Shu bilan birga, ekipaj samolyotning elevator va ruli ishdan chiqqanini eslatgan.
Muloqotlardan ko‘rinib turibdiki, dispecher ekipajga Rossiya aeroportlariga qo‘nish ruxsatiga rad javobi bermagan. Rossiya dispetcherlari Rossiya aeroportlariga qo‘nishga ruxsat bermagani haqidagi taxminlar matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan edi.
Ekipaj darhol favqulodda holat signalini e’lon qilmagan, agar e’lon qilsa, o‘sha samolyotga qo‘nish va boshqa manyovrlar paytida to‘liq yordam va ustuvorlik beriladi.
Bundan tashqari, soat 05:24:17 da dispecher ekipajdan favqulodda holat e’lon qilish-qilmaslik haqida so‘ragan, biroq uchuvchilardan bu savoliga javob olmagan. Ekipaj favqulodda holatni faqat soat 06:02:47 da e’lon qilgan. Dispecherlar unga 7700 - favqulodda holat kodini berganlar.