Frantsiya, Britaniya va Kanada Isroilga qanday chora ko‘rishlari mumkin?

Hamasning 2023 yil 7 oktyabridagi hujumlari ortidan Isroil urushga kirdi. Uning qurol-aslahasi asosan AQSh tomonidan moliyalangan va yetkazib berilgan edi.

Isroilning boshqa ittifoqchilari esa unga ishonch va yaxshi gumon izhor qildilar. Bu munosabatga Isroilda o‘ldirilgan 1 200 odam va G‘azoga asir qilib olib ketilgan 251 kishi sabab bo‘ldi.

Endi esa Isroilga ishonch so‘ngan ko‘rinadi. Harqalay, Frantsiya, Britaniya va Kanada tomonidan. Ular Isroilga qarata eng qat’iy bayonot va tanqid bilan chiqdilar.

Ularga ko‘ra, Isroil o‘zining yangi hujumlarini to‘xtatishi kerak. Bosh vazir Benyamin Netanyaxuga ko‘ra, bu hujumlar Hamasni nihoyat yo‘q qiladi va Isroil harbiy nazorati ostidagi G‘azodan qolgan asirlarni qutqarib oladi.

Frantsiya, Britaniya va Kanadaning bayonotlari esa Netanyaxuning bu da’volarini puchga chiqardi. Ularning hukumatlari chiqargan qo‘shma bayonotda shunday deyiladi:

«Biz G‘azoda Isroil harbiy amaliyotlari kengayishiga qat’iyan qarshimiz. G‘azodagi insoniy jabr ko‘lamiga chidab bo‘lmaydi.»

Reuters
Лондон, Оттава ва Париждаги раҳбарлар 7 октябрдаги қатлиом ҳужумини мукофотлашга чақиришяпти ва яна шундай хунрезликлар бўлишига йўл очишяпти.
Бенямин Нетаняху
Исроил бош вазири (bbc.com/uzbek)

Ular qolgan asirlar ozod qilinishiga chaqirishdi va 7 oktyabrdagi «dahshatli hujum» ortidan Isroil davlati «o‘zini terrorchilikdan himoya qilishga haqli» bo‘lganini aytishdi. Ammo, deydi ular, Isroil ko‘rsatayotgan harbiy kuch haddan oshiq nomutanosib.

Ular Netayaxuning G‘azoga «minimal» oziq-ovqatni kiritishga ruxsat berishini ham qoraladilar.

Frantsiya, Britaniya va Kanada liderlari, agar Isroil o‘z amaliyotlarini to‘xtatmasa, «konkret choralar» ko‘rishlarini aytishdi. Ammo, bu qanday choralar bo‘lishi noaniq.

Xalqaro hisobotlar G‘azo ocharchilik girdobiga qulayotganidan ogohlantirishgan.

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Xalqaro hisobotlar G‘azo ocharchilik girdobiga qulayotganidan ogohlantirishgan.

BBC xalqaro masalalarda muharriri Jerimi Bouenga ko‘ra, Isroilni odatda qo‘llab-quvvatlaydigan Yevropa ittifoqchilari, xususan Frantsiya prezidenti Makron boshchiligida, o‘z bayonotlaridagi tilni tobora achchiqroq qilib bormoqda. Isroilning harbiy hujumiga barham berish haqidagi bayonot hozirgacha berilgan eng keskin tanqid hisoblanadi.

Muzokaralarda ishtirok etayotgan yuqori lavozimli bir yevropalik diplomat menga shunday dedi: "... bunga sabab — insonparvarlik vaziyati bo‘yicha ortib borayotgan siyosiy g‘azab tuyg‘usi, muayyan chegara bosib o‘tilgani va bu Isroil hukumati hech bir oqibatu jazodan tap toptmay harakat qilmoqda degan fikr bilan bog‘liq".

Isroil uchun yanada xavfliroq jihati shundaki, bayonotda shunday deyiladi: "Netanьyaxu hukumati shunday tahliqali harakatlarni davom ettirar ekan, biz befarq tomoshabin bo‘lib turmaymiz. Agar Isroil harbiy hujumlarini to‘xtatmasa va insonparvarlik yordamiga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlamasa, biz qo‘shimcha aniq choralar ko‘ramiz".

Ular bu qanday choralar bo‘lishini aniq aytmagan. Jazo choralari (sanksiyalar) ehtimoliy yo‘llardan biri bo‘lishi mumkin. Yanada katta qadam — Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olish bo‘lishi mumkin.

Frantsiya shu paytgacha Falastinni tan olgan 148 davlat qatoriga qo‘shilishni ko‘rib chiqmoqda. Bu masala Saudiya Arabistoni bilan birgalikda iyun oyi boshida Nyu-Yorkda o‘tkaziladigan konferentsiyada muhokama qilinishi kutilmoqda. Britaniya ham frantsiyaliklar bilan Falastinni tan olish masalasida muloqot olib bormoqda.

Isroil esa qattiq qarshilik bildirib, bu harakatlar XAMAS uchun g‘alaba bo‘lishini urg‘ulamoqda. Biroq Frantsiya, Kanada va Britaniya tomonidan berilgan bayonotdagi ohang shundan dalolat beradiki, Isroil endi ularga ta’sir o‘tkazish qobiliyatini yo‘qotayotgan ko‘rinadi.

G‘azo urushi: Isroil harbiy quruqlik amaliyotini insonparvarlik ko‘maklarini tiklash bilan olib bormoqchi

Xon Yunisdagi qochqinlar jamlog‘ining Isroil havo zarbasidan keyingi ahvoli

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Yakshanba kuni Xon Yunisdagi qochqinlar jamlog‘iga hujum bo‘ldi

Isroil "oziq-ovqatning bazaviy miqdori"ni G‘azo ichkarisiga kiritishga ruxsat berishini, bundan maqsad, 11 haftalik bo‘lga qamalidan keyin "ocharchilik inirozi" yuzaga kelishi oldini olish ekanini e’lon qildi.

Bosh vazir idorasining ushbu bayonoti Isroil butun G‘azo bo‘ylab "Gideon ikki g‘ildirakli jang aravasi" deb nomlagan keng miqyosli harbiy quruqlik amaliyotini boshlaganidan bir necha soat o‘tib tarqatildi.

Ushbu quruqlik amaliyotidan ko‘zlangan maqsad, Hamasning infratuzilmasini yo‘q qilish ekani xabar qilindi.

Isroil tobora ortib borayotgan bosim ostida qolgan, bu bosim G‘azo bo‘lgasiga oziq-ovqat, yoqilg‘i va dori-darmon olib kiritilishiga Isroil qo‘ygan qamalni olib tashlash talabi bilan bo‘layapti.

Yordam tashkilotlari G‘azoning 2,1 millionlik aholisi ocharchilik xavfi ostida qolganidan ogohlantirmoqdalar, bo‘lgadan olinayotgan foto va videolar bolalarning ochlikdan eti suyagiga yopishib borayotganini ko‘rsatayapti.

Frantsiya Tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro Isroildan "zudlik bilan, ko‘p va to‘siqsiz" G‘azoga ko‘maklarni kiritishni qayta tiklashni talab qildi.

Isroil rasmiylariga ko‘ra, G‘azo aholisi ocharchilikka duch kelmasligi uchun "bazaviy miqdordagi" oziq-ovqatni kiritishga ruxsat beradi, ocharchilik o‘zlarining yangi ishg‘oli "Gideon ikki g‘ildirakli jang aravasi"ni xavf ostiga qo‘yishi mumkin.

Shuningdek, Isroil "insonparvarlik yordamlarini tarqatishni Hamas o‘z nazoratiga olishi"ga yo‘l qo‘ymaslik chorasini ko‘rishini bildirdi.

19 may kuni Isroil bilan G‘azoni bog‘laydigan Kerem Shalom chegara o‘tish nuqtasida insonparvarlik ko‘maklari ortilgan bir necha yuk avtomobillari turgani foto suratlari tarqaldi.

Reuters axborot agentligi Misrning G‘azoga tutash Arish chegaradan o‘tish nuqtasida ham avtomobillar to‘planib turganini xabar qildi.

Britaniyaning Medical Aid xayriya tashkiloti xabar qilishicha, Xon Yunisdagi Nosir tibbiyot majmuasiga havo zarbasi oqibatida o‘zlariga tegishli dori-darmon zaxirasi yo‘q qilingan.

BMTning Insonparvarlik ishlarini muvofiqlashtirish idorasi xabar qilishicha, Isroil rasmiylari idoraga G‘azoga ko‘maklarni tarqatish masalasida murojaat qilganlar.

18 may kuni Isroil Mudofaa kuchlari G‘azodagi bir necha joylarga, shu jumladan, shimoliy G‘azodagi shifoxonaga havo zarbalari uyushtirdi.

Isroil o‘zining maqsadi G‘azoda garovda ushlab turilgan odamlarini ozod qilish, Hamasni tor-mor etish ekanini aytadi.

G‘azodagi qutqaruvchilar xabar qilishicha, yakshanba kuni janubdagi Xon Yunis, shimoldagi shaharlar, xususan, Bayt Lahiya va Jabaliya qochqinlar jamloqlari hujumga tutilgan.

Hamas nazoratidagi tibbiyot mulozimlariga ko‘ra, oxirgi sutka mobaynida kamida 67 inson hayotdan ko‘z yumgan, 361 kishi yaralangan.

G‘azo janubidagi yashash joylaridan ko‘chgan insonlar boshpana topgan al-Mavasi qochqinlar jamlog‘iga ham tunda hujum qilingan.

G‘azo bo‘lgasidagi hozirgi yagon favqulodda xizmat - fuqarolik mudofaasi xabar qilishicha, oqibatda 22 inson halok bo‘lgan, 100 kishi jarohatlangan.

Al-Mavasi bundan oldin "xavfsiz hudud" deb e’lon qilingan edi.

O‘zining yakshanba kungi e’lonida Isroil armiyasi "raketa otish uchun foydalaniladigan har qanday joyga kuchli hujum" qilishi haqida "oxirgi ogohlantirish"ni bergan, tinch fuqarolarni "zudlik bilan al-Mavasi" deb atalgan boshpanalarga ko‘chishga" chaqirgan edi.

Isroil armiyasi G‘azo hududida beshta brigadasi harbiylari amaliyotga jalb etilganini xabar qildi.

Yakshanba kuni Bi-bi-si Hamasning yuqori martabali rasmiysi bilan suhbatlashdi.

Hamas vakili Qatar poytaxti Dohada Hamas bilan Isroil o‘rtasida kechayotgan sulh muzokaralarida ilgari siljish yo‘qligini bildirdi.

Bundan oldin Hamas bir martaning o‘zida barch isroillik garovga olinganlarni ozod qilish istagini bildirgan, buning evaziga "har tomonlama va doimiy o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga erishish"ni talab qilgan.

Hamas rasmiysi so‘zlariga ko‘ra, isroillik muzokarachilarning muhim masalalar bo‘yicha qaror qabul qilish mandati bo‘lmagani bois Isroil tomoni ushbu taklif rad etgan.

"Isroil kelishuvga erishish imkoniyatlariga to‘siq bo‘layapti", "Hamas har qanday qisman yoki vaqtinchalik kelishuvni rad etadi", dedi Hamas manbasi.

Hamas rasmiysi aytishicha, Hamas G‘azoda ushlab turilgan barcha garovga olinganlarni ozod qilish evaziga, bir necha falastinlik tutqunlarni ozod etish, doimiy otashkesim, G‘azo bo‘lgasidan Isroil harbiylarini to‘la olib chiqib ketish va insonparvarlik ko‘maklarini kiritishni talab qilayapti.

Uning so‘zlariga ko‘ra, "Isroil vaqtinchalik sulh evaziga garovdagilarni bir yoki ikki partiyada chiqarib olishni" xohlayapti.

6 may. Isroilning butun G‘azoni bosib olish rejasi ortidan Hamas sulh muzokarasidan ma’ni yo‘q dedi

Motam tutib bir biriga dalda berayotgan ikki g‘azolik ayol

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Isroil rejasi G‘azo bo‘lgasida istiqomat qilgan 2,1 million tinch aholining ko‘chirilishini nazarda tutadi.

Hamas harakatining yuqori mansabdagi rasmiysi aytishicha, Isroil barcha Falastin yerlarini cheksiz muddatga bosib olishni ko‘zda tutuvchi ishg‘ol rejasini ma’qullaganidan keyin G‘azo bo‘lgasida o‘t ochishni to‘xtatish va garovdagi insonlarni ozod etishni maqsad qilgan yangi sulh muzokaralaridan "ma’ni yo‘q".

Bassem Naimning Bi-bi-siga aytishicha, Isroil "ochlikdan sillani qurituvchi urush"ni davom ettiraverar ekan, Hamas qurolli guruhi yangi takliflarga bosh qo‘shmaydi.

5 may kuni Isroil harbiylari e’lon qilishicha, "keng miqyosli" harbiy amaliyotdan ko‘zlangan maqsad, Hamas tutib turgan garovdagi insonlarni qaytarish va guruhni "uzil-kesil mag‘lub etish"dir.

Isroil rasmiylari aytishicha, harbiy amaliyot G‘azoni "bosib olish", bo‘lga aholisining aksarini ko‘chirish va BMT qattiq ocharchilikka sabab bo‘lgan ikki oylik qamaldan keyin bo‘lgaga olib kirilayotgan ko‘maklarni o‘z nazoratiga olishni nazarda tutadi.

Aloqador mavzular

Isroil rasmiylarining aytishicha, ushbu harbiy amaliyot AQSh Prezidenti Donald Trampning keyingi haftadagi tashrifigacha boshlanmaydi, bu Hamasga, ularning o‘zlarining ta’biricha, kelishuvga ko‘nishi uchun "imkoniyat darchasi"ni ochadi.

Biroq 6 may kungi Bassem Naimning bayonoti buning aksini ko‘rsatadi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Isroilning quruqlik amaliyotini kengaytirishi va u yerdagi harbiy hozirlikning uzaytirilishi "G‘azoda muqarar sanoqsiz tinch fuqarolar o‘ldirilishiga va G‘azoning yanada vayron etilishiga" olib keladi, deb ogohlantirdi.

Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer va Frantsiya Prezidenti Emmanuel Makron so‘nggi rivojlanishlardan chuqur xavotir izhor etdilar va "yangilangan tinchlik jarayonlari talab qilinishiga" qo‘shildilar, deya bayonot berdi Dauning Strit.

Vashingtondaa Prezident Tramp, AQSh G‘azodagi odamlarni oziq-ovqat bilan ta’minlashda yordamlashdi, deya bayonot berdi, biroq boshqa tafsilotini ochiqlamadi.

Iqtibos

Surat manbasi, .

"Odamlar och qolayaptilar va biz ularga oziq-ovqatda yordamlashamiz. Juda ko‘p odamlar juda, juda yomon ahvoldalar. Hamas buni imkonsiz qilayapti, chunki olib kirilgan hamma narsani ular olayaptilar", dedi u.

Isroil G‘azoga olib kiriladigan hamma oziq-ovqat va boshqa ta’minotlarni 2 mart kunidan to‘xtatib qo‘ydi va ikki oylik otashkesim muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan ikki hafta o‘tib ishg‘olini qayta boshladi, bu bilan Hamasga garovdagilarni ozod qilishi uchun bosim qilayotganini aytdi.

Isroil, shuningdek, Hamasni yordamlarni o‘g‘irlab, g‘amlab qo‘yayotganlikda aybladi, bu da’voni Hamas guruhi rad etadi.

Ko‘mak tashkilotlarining ogohlantirishicha, agar bunday siyosat o‘zgarmasa, G‘azo bo‘lgasida ommaviy ocharchilik kelib chiqishi muqarrardir.

Ko‘mak tashkilotlari, shuningdek, Isroilning yordamlarni harbiy markazlardagi xususiy shirkatlar olib kiradilar, degan taklifini tanqid qildilar, bu bazaviy insonparvarlik tamoyillariga zid va biz hamkorlik qilmaymiz, dedilar.

BMTga ko‘ra, G‘azodagi aholiga oziq-ovqat va tibbiy ta’minotni yetkazish Isroilning xalqaro qonunchilik bo‘yicha zimmasiga olgan majburiyatidir.

Isroil o‘zining xalqaro qonunchilikka rioya etayotganini aytadi, G‘azoda ko‘maklar taqchilligi yo‘q, deydi.

2023 yil 7 oktyabridagi 1200 cha inson o‘limiga va 251 inson garovga olinishiga olib kelgan Hamasning misli ko‘rilmagan chegara osha hujumlari ortidan Isroil harbiylari Hamasni yo‘q qilish maqsadida amaliyot boshladilar.

O‘shandan buyon G‘azodagi Hamas boshqaruvidagi sog‘likni saqlash vazirligi xabar qilishicha, kamida 52567 inson halok bo‘ldi, shulardan 2459 nafari Isroil vaqtinchalik sulhdan keyin harbiy amaliyotlarini qayta tiklaganidan keyin.