Biznes-ombudsman elektromobil savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar shikoyatini oradan bir yil o‘tib o‘rgana boshladi

Surat manbasi, Biznes-ombudsman
Biznes-ombudsman elektromobil importiga qo‘yilgan cheklovlardan shikoyat qilgan tadbirkorlar murojaatlari o‘rganilayotganini ma’lum qildi. E’tiborlisi bu murojaatlar o‘tgan yil aprelida tarmoqda tarqatilgan edi. Mazkur xabar Leapmotor elektromobillari importi O‘zbekistonda taqiqlangani bahslarga sabab bo‘layotgan paytga to‘g‘ri kelgan.
"Elektromobillar savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarning murojaati ijtimoiy tarmoqlarda yoritildi. Mazkur holatlar qonun hujjatlari talablariga muvofiqligi yuzasidan Biznes-ombudsman devoni tomonidan o‘rganilmoqda", deyiladi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (biznes-ombudsman)ning Telegram kanalida 2 aprel kuni e’lon qilingan axborotda.
E’tiborlisi, rasmiy bildirishda "ijtimoiy tarmoqda yoritilgan murojaatlar" deya 2024 yil 11 aprelida Kamoliddin Ergashev ismli Facebook foydalanuvchisi tomonidan tarqatilgan va 2 aprel kuni ayni shu foydalanuvchi "Fuqarolar hukumat haqida" guruhiga qayta joylagan postga havola berilgan.
Bir yil avval e’lon qilingan postda to‘rt nafar tadbirkorning o‘sha paytda avtomobil importiga kiritilayotgan yangi cheklov yuzasidan prezidentga videomurojaatlari ilova qilingan.
"O‘zbekistonda elektromobil sotuvchi avtosalonlar rahbarlari avtomobil importiga cheklovlar qo‘yilishi sababli prezidentga murojaat bilan chiqdi. Ular "400 dan ortiq tadbirkor boshi berk ko‘chaga kirib qolganini" aytib, davlat rahbaridan cheklovlarni olib tashlash va ochiq bozorni qo‘llab-quvvatlashni so‘radi", deyiladi ilk bor 2024 yil 11 aprel kuni Telegramʼdagi "Yashil tulpor" kanaliga qo‘yilgan va Kamoliddin Ergashev ismli foydalanuvchi ko‘chirib, Facebookʼga qayta joylagan xabarda.

Surat manbasi, Skrinshot
O‘tgan yil aprelida jismoniy shaxslarning tijorat maqsadida xorijdan avtomobil olib kirishini taqiqlash va yangi avtomobillarni faqat dilerlar tomonidan olib kirilishi tartibini qayta joriy etish rejalashtirilayotgani ma’lum bo‘lgan edi.
Bu xabar ortidan ijtimoiy tarmoqda mamlakatda ommalashib borayotgan elektromobillar importi bilan shug‘ullanuvchi o‘nlab tadbirkorlarning prezidentga yordam so‘rab qilgan murojaatlari paydo bo‘lgan edi.
Biroq o‘shanda bu murojaatlar va ularning keyingi taqdiri mahalliy matbuot tomonidan yoritilgani ko‘zga tashlanmagan.
Endilikda esa – oradan bir yil o‘tgach – Biznes-ombudsman masalani o‘rganishga kirishgan.
Biznes-ombudsmanning Telegram kanalida 2 aprel kuni qo‘yilgan navbatdagi postda kun tartibiga chiqqan masalani "ijobiy hal qilish yo‘llari" avtomobillar importiga qo‘yilgan cheklov ortidagi organ – Texnik jihatdan tartibga solish agentligi vakillari bilan muhokama qilingani bildirilgan.
"Muammoning huquqiy jihatlariga to‘liq oydinlik kiritish maqsadida O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligiga so‘rov xati yuborildi. Ma’lumki, elektromobil sotuvchi avtosalonlar rahbarlari avtomobil importiga qo‘yilgan cheklovlar sababli ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat qilishgan edi", deyiladi rasmiy bildirishda.
Kun tartibiga qaytgan mavzu
1 apreldan elektromobillar importiga cheklov mavzusi ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida qayta muhokama qilina boshlagan edi.
Bu safar muhokamalar qo‘zg‘ashiga Xitoyning Leapmotor elektromobillari importiga taqiq qo‘yilgani sabab bo‘lgan.
Texnik jihatdan tartibga solish agentligi ushbu taqiq sababini Leapmotor avtomobillari "xavfsizlik standartlari talablariga javob bermasligi" bilan izohlagan.
Ko‘plab tarmoq faollari esa agentlik qarorini savol ostiga olgan, ayrim fikr bildiruvchilar bu holatda "elektromobillar sohasida ham yangi monopol paydo bo‘lib, boshqa o‘yinchilarni bozordan siqib chiqarayotgani"ni ko‘rgan.
Taniqli bloger Umid G‘ofurov O‘zbekiston rasmiylari "dunyoda tan olingan, katta investorlarga ega va rasman Yevropada sotilayotgan brend"dan kamchilik topganiga shubha bilan qarashini ma’lum qilgan.
Aynan shu Oʻzbekistonda 30 yildan beri Damas ishlab chiqarilyapti. Damasda kamchilik yoʻq, u har qanday standartga javob beradi, lekin Leapmotor javob bermaydi. Kulaymi-yigʻlaymi?
"Kamchiligi bor ekanda va biz uni O‘zbekistonda aniqlabmiz… Eslatib o‘taman, aynan shu O‘zbekistonda 30 yildan beri Damas avtomobili ishlab chiqarilyapti. Mana shu Damasda kamchilik yo‘q, har qanday standartlarga javob beradi, lekin Leapmotor C16 javob bermaydi. Kulaymi-yig‘laymi");