Hindiston: asrlik musulmon mulklari va Islomiy Vaqf qanday xavf ostiga tushmoqda?

vaqf

Surat manbasi, Getty Images

  • Author, Niyaz Faruq
  • Role, BBC News

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi hukumati ilgari surayotgan yangi qonun loyihasi asrlar davomida hind musulmonlari tomonidan vaqf qilingan mulklarga e’tibor qaratdi.

Vaqf ko‘plab musulmon mamlakatlarda an’ana bo‘lib, bu mulklardan maktablar, yetimxonalar, shifoxonalar, banklar va qabristonlar uchun foydalaniladi.

Hindistondagi vaqf mulklari turli shtat hukumatlari tomonidan tashkil etilgan vaqf kengashlari tomonidan boshqariladi. Ularning faoliyatini Markaziy Vaqf Kengashi deb ataladigan federal tashkilot muvofiqlashtiradi.

Biroq, milliardlab rupiy qiymatiga ega bo‘lgan minglab yer uchastkalari o‘nlab yillar davomida butun mamlakat bo‘ylab sud nizolari girdobida qolib ketgan.

Aloqador mavzular:

Masalan, Hindiston poytaxti Dehlida masjidlar, qabristonlar va maqbaralarni o‘z ichiga olgan mingdan ortiq vaqf mulki. Shaharning ko‘p asrlik islomiy merosi ramzi bo‘lgan bu yerlar diniy, ma’rifiy va xayriya maqsadlarida foydalanilgan. Ularning kamida 123 tasi shahar vaqf boshqarmasi va federal hukumat o‘rtasidagi uzoq muddatli nizolar ichida qolgan.

Ular butun Hindiston bo‘ylab vaqf kengashlari tomonidan xususiy shaxslar – musulmonlar va musulmon bo‘lmaganlar, shuningdek, hukumat idoralariga qarshi olib borilgan minglab shunday ishlarning faqat bir qismi, xolos. Bu federal hukumat hal qilmoqchi bo‘lgan muammolardan biri bo‘lib, "Vaqflarni o‘zgartirish to‘g‘risidagi qonun" orqali yechilishi kutilmoqda.

Ko‘plab musulmon yetakchilari va muxolifat partiyalari qonunni tanqid qilib, uni ozchiliklar huquqlarini zaiflashtirishga urinish deb baholamoqda va bu ba’zi shtatlarda norozilik va zo‘ravonliklarni keltirib chiqardi. Hindiston Oliy sudi ham qonunga qarshi qilingan bir qator murojaatlarni ko‘rib chiqishni boshladi.

Vaqf nizolari bir qator sabablar – yerlarning noaniq huquqiy maqomi, mulklarning og‘zaki ravishda vaqf sifatida e’lon qilingani, qonunlarning nomuvofiqligi, yer mafiyalari bilan til biriktirish va ko‘p yillik rasmiy e’tiborsizlikdan kelib chiqmoqda.

Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, Hindistondagi 872 852 vaqf mulkidan kamida 13 200 tasi sud jarayonlariga aralashib qolgan, 58 889 tasiga g‘ayriqonuniy ravishda egalik qilingan va 436 000 dan ortig‘ining maqomi noaniq.

Vaqf mulki hatto Britaniya hukmronligi davrida ham bahslarga sabab bo‘lgan

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Vaqf mulki hatto Britaniya hukmronligi davrida ham bahslarga sabab bo‘lgan

Ushbu da’volarning ba’zilari butun mamlakat e’tiborini tortdi. Masalan, turli shtatlardagi vaqf kengashlari Keralada asosan nasroniylar yashaydigan qishloqqa, Gujaratdagi bir nechta davlat binolariga va Karnatakadagi fermerlar foydalanadigan katta yer maydoniga noto‘g‘ri egalik qilishda ayblanmoqda.

Federal hukumat ta’kidlashicha, vaqf kengashlari Hindiston bo‘ylab 5973 ta davlat mulkiga egalik da’vo qilgan. Bu iddaoni vaqf kengashlari rad etmoqda, ular bu mulklarning qonuniy egalari ekanliklarini aytishmoqda.

Ba’zi nizolar 1947 yilda Hindistonning bo‘linishi bilan bog‘liq. Panjobda shtatning 75 965 ta vaqf mulkining yarmidan ko‘pi "bosib olingan", bu ko‘plab musulmon mulklari maqomini noaniq qoldirgan migratsiya sabablidir. "Ba’zi mulkdorlar Pokistonga qochib ketishdi, boshqalari esa qaytib kelib, xuddi shu mulklarni talab qila boshladi," deydi Kalkuttadagi universitetda dars beruvchi Muhammad Riyoz.

Getty Images
Yangi qonundagi bu o‘zgarish o‘n minglab vaqf mulklariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Juda oz mulklar vaqf aktivlari bo‘lib qoladi, qolganlari esa yo‘q bo‘lib ketishi mumkin.
Said Zafar Mahmud
Sobiq amaldor (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Dehlida 123 ta nizoli mulkka federal shahar va uy-joy vazirligiga qarashli bo‘limlar da’vo qilmoqda, vaqf esa bu mulklarga egalik huquqi Britaniya davriga va undan ham oldingi davrlarga borib taqalishini ta’kidlamoqda. Hukumat va sudlarning muammoni hal qilish bo‘yicha urinishlari hozirga qadar muvaffaqiyatsiz bo‘ldi.

1923 yildayoq Britaniya hukmronligi ostida Hindistondagi qonun chiqaruvchilar vaqf mulklari musulmonlar nazoratidan chiqib ketishidan xavotirda edi. O‘shanda deputatlar mulkka qaraydigan boshqaruvchilar o‘zlarini mulkdor sifatida noto‘g‘ri ro‘yxatdan o‘tkazayotgani haqida ogohlantirgan edi. Bu amaliyot bugungi kunda ham davom etmoqda, deb ta’kidlaydi tanqidchilar.

Professor Riyozning aytishicha, yer narxi oshgani sari bunday nizolar ko‘paygan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

"Bundan 40-50 yil oldin har bir qarich yerga e’tibor beradiganlar ko‘p emas edi, lekin uning ahamiyati oshgani sayin jamoa a’zolari yoki ehson qiluvchilarning avlodlari vaqf yerlariga da’vogarlik qila boshladi. Natijada odamlar necha avloddan beri yashab kelgan joylarida janjallar chiqdi. Bu yerlarni sotib olgan yoki g‘ayriqonuniy egallab olgan kishilar bilan nizo yuzaga keldi," deydi u.

Vaqf idoralari uzoq vaqtdan beri qarovsiz bo‘lgan yerlarni to‘satdan egallashga urinishlari ham nizolarga sabab bo‘lmoqda. Shunday qilib, ular asli davlat tashkilotlari bo‘lishiga qaramay, mulkka da’vo qilishda cheklanmagan vakolatlari uchun tanqid qilinmoqda.

Xavotirning bir qismi OAV va siyosatchilarning vaqf nizolarini ko‘rib chiqadigan ixtisoslashgan sud – vaqf tribunali qarori yakuniy ekanligini qayta-qayta ta’kidlashlari bilan bog‘liq, deydi vaqf bilan bog‘liq bir qancha ishlarda ishtirok etgan Haydarobodlik huquqshunos Mohd Ismoil Xon. Ammo u yakuniy qarorni yuqori turadigan sudlar chiqarishini ta’kidlaydi.

Yangi qonun ko‘plab shtatlarda norozilik keltirib chiqardi

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Yangi qonun ko‘plab shtatlarda norozilik keltirib chiqardi

Hatto hukumat nazarida mulk da’vo qilish uchun "kuchli" vakolat bergan eski qonun bo‘yicha ham vaqf idoralari ko‘pincha o‘z manfaatlarini himoya qila olmadi.

Vaqf bilan bog‘liq masalalarni keng yoritgan jurnalist Afro‘z Alam Sahil 2011 yilda Dehli qabristonlari haqida berilgan so‘rov orqali bu zaifliklarni ochib bergan edi. Dehli vaqf idorasi dastlab 562 ta qabriston mavjudligini ma’lum qilgan, keyinchalik esa bu raqamni 488 taga tushirgan.

Biroq 2014 yilda vaqf boshqarmasi xodimi Bi-bi-si Hind xizmatiga shaharda faqat 70-80 ta qabriston boshqarma nazorati ostida qolganini ma’lum qilgan.

Bu noaniqlik boshqa mulklarga ham taalluqli. Janob Sahilning aytishicha, 2008 yilda Dehli vaqf kengashi shahardagi 1964 ta mulk ro‘yxatini e’lon qilgan, ammo federal hukumatning shu oydagi bayonotida bu raqam atigi 1047 ta deb ko‘rsatilgan. Ro‘yxatdan tushib qolgan 917 ta mulkka nima bo‘lgani noma’lum.

Bi-bi-si izoh olish uchun Markaziy vaqf kengashi va Dehli vaqf boshqarmasiga murojaat qildi.

Ko‘pchilik manfaatdor tomonlar tizimni isloh qilish kerakligiga qo‘shilsa-da, tanqidchilar yangi qonun loyihasi vaziyatni yaxshilamasligidan xavotirda.

Asosiy xavotir "foydalanish bo‘yicha vaqf" deb nomlangan qoida bekor qilinishidir. Bu qoida mulk musulmonlar tomonidan uzoq vaqt diniy yoki xayriya maqsadlarida foydalanilgan bo‘lsa, ularni vaqf deb belgilashga imkon berardi.

Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, 402 ming vaqf mulki "foydalanish bo‘yicha vaqf" toifasiga kiritilgan. Buning sababi, ular o‘nlab yillar yoki asrlar oldin og‘zaki ravishda, hujjatlarsiz va dalolatnomasiz vaqf qilingan bo‘lishi mumkin.

Federal vazir parlamentda yangi qonun kuchga kirgunga qadar hukumat tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan "foydalanish bo‘yicha vaqf" mulklari, agar ularning egaligi nizoli bo‘lmasa, avvalgi maqomida qolishini aytdi. Biroq bunday mulklarning qanchasi rasman ro‘yxatdan o‘tkazilgani aniq emas.

Tanqidchilar fikricha, ushbu qoidaning bekor qilinishi yangi nizolarni keltirib chiqaradi va mavjud nizolarni yanada zo‘raytiradi. Chunki bu yillar davomida faol foydalanilgan mulklar uchun ham yangi da’vogarlar paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

Oliy sudga taqdim etilgan arizalardan birida ta’kidlanishicha, vaqf yerlarining aksariyati "hujjatsiz tashkil etilgan" va "foydalanish bo‘yicha vaqf" sifatida tasniflangan, shu bois ko‘plab mulklar vaqf bo‘lmay qolishi mumkin.

"Foydalanish bo‘yicha vaqf" qoidasining bekor qilinishi 1998 yilda Oliy sudning "bir marta vaqf, doimo vaqf" degan qarorini ham shubha ostiga qo‘ymoqda. Ya’ni, mulk bir marta vaqf qilinganidan so‘ng uning maqomini o‘zgartirib bo‘lmasligi haqidagi qaror.

Sobiq amaldor Said Zafar Mahmudning aytishicha, yangi qonundagi bu o‘zgarish o‘n minglab vaqf mulklariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

"Juda oz mulklar vaqf aktivlari bo‘lib qoladi, qolganlari esa yo‘q bo‘lib ketishi mumkin," - dedi u Bi-bi-si Hindiga.